Archive: 13 февраля, 2022

MAKTABLARDA IMKONIYATI CHEKLANGAN BOLALAR UCHUN XAVFSIZ INKLYUZIV OʻQUV MUHITI YARATILADI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 6-noyabrdagi qaroriga asosan Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilish belgilangan.

Qarorda xalq taʼlimi tizimida kasb-hunarga yoʻnaltirish, ijtimoiy-psixologik xizmat koʻrsatish mexanizmini yana-da takomillashtirish, kasb-hunarga yoʻnaltirishning ilgʻor tajribalarga asoslangan zamonaviy shakl va uslublarini joriy etish, inklyuziv taʼlimni joriy etish, rivojlantirish hamda bolalar, ota-onalar, pedagog xodimlar va jamoatchilikni ijtimoiy-psixologik jihatdan tayyorlash orqali bolalar uchun xavfsiz inklyuziv oʻquv muhitini yaratish koʻzda tutilgan.

Xoʻsh, bolalar uchun xavfsiz inklyuziv oʻquv muhitini yaratish boʻyicha Markazda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ushbu savolga Markazning defektologiya va tibbiyot boʻlimi boshligʻi, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Ubayda FAYZIYEVA javob berdi.

— Ayni vaqtda Markaz tomonidan “Inklyuziv taʼlim laboratoriyasi”ning Nizomi hamda inklyuziv taʼlim berishning sifati va samaradorligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish, pedagog xodimlarning malaka oshirish kurslari uchun “Inklyuziv taʼlim” oʻquv modulini yaratish va amaliyotga tatbiq etish, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarida tashkil etiladigan “Bolalarni ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash markazi” negizida inklyuziv sharoitlarda taʼlim oluvchilar uchun psixologik-pedagogik qoʻllab-quvvatlash ishlarini tashkil qilish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

— Bolalar uchun xavfsiz inklyuziv oʻquv muhitini yaratishda nimalarga eʼtibor qaratish kerak?

Korreksiyalovchi (kamchiliklarini tuzatish) taʼlim mazmunini oʻquvchilarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda individual boʻlishini taʼminlash orqali har bir oʻquvchi inklyuziv taʼlim sharoitida erkin his qiladigan darajaga yetkazilishi zarur. Buning uchun taʼlim jarayonida ishtirok etuvchi barcha pedagog xodimlar, tarbiyachilar oldiga yagona talab qoʻyiladi. Bunda oʻquvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlashga yaʼni oilada, mahallada, jamoat joylarida, umuman olganda hayotda qoʻllaniladigan shaxslararo munosabatlardagi barcha kommunikativ koʻnikma va malakalar berilishini taʼminlashni koʻzda tutadi.

— Inklyuziv taʼlimda maktab sinf xonalariga ham alohida talablar qoʻyiladimi?

— Ha albatta, inklyuziv taʼlimga oʻtishda maktab va undagi sinf xonalariga alohida talablar qoʻyiladi. Chunki barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablari sogʻlom bolalarni taʼlim olishiga moʻljallangan. Shuning uchun harakati cheklangan, zaif koʻruvchi, koʻzi ojiz, kar va zaif eshituvchi bolalar uchun maxsus qurilmalar, moslamalar, darslik va oʻquv materiallari, jihozlar boʻlishi talab etiladi.

— Inklyuziv taʼlim imkoniyati cheklangan oʻquvchilar umumiy dasturlar orqali oʻqitiladimi va unda qanday mutaxassislar faoliyat olib boradi?

— Inklyuziv sinflarda umumtaʼlim maktablarining barcha oʻqituvchilari faoliyat olib boradi, faqat sinfdagi imkoniyati cheklangan bolalar bilan maxsus taʼlim mutaxassislari (surdopedagog, tiflopedagog, oligofrenopedagog) maxsus oʻqituvchi sifatida hamkorlikda ish olib boradi. Inklyuziv taʼlim umumtaʼlim dasturlari asosida har bir yoʻnalishdagi (koʻrishdagi, eshitishdagi, aqliy faoliyatida muammosi mavjud) bolalarga yoʻnaltirilgan, moslashtirilgan oʻquv dasturlari asosida individual yondashuv orqali oʻqitiladi.

 

Manba: Uzedu.uz